O'zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 iyuldagi №PF-5120-sonli Farmoniga binoan tashkil etilgan.


Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 
  • O'zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish;

  • O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;

  • resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto'g'ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo'l qo'ymaslik imkonini beradigan Yagona milliy resurslar ma'lumotnomasini yuritish; davlat xaridlarini amalga oshirish uchun Yagona axborot maydonini yaratish.

Agentlik O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o'z vaqtida amalga oshirishga ko'maklashishni ta'minlaydi, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish choralarini ko'radi.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi to'g'risidagi

NIZOM


1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining (keyingi o'rinlarda Agentlik deb yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.


2. Agentlik o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir.


3. Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi, O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o'z nomi yozilgan muhr va blankaga, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G'aznachiligida g'azna hisob raqamlariga ega bo'ladi.


4. Agentlik o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.


5. Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari, xo'jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi o'rinlarda davlat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi), nodavlat notijorat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari, tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalari va mutaxassislari bilan o'zaro hamkorlik qiladi.


6. Agentlikning o'z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari mulkchilik shakli va idoraviy bo'ysunishidan qat'iy nazar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, xo'jalik yurituvchi subyektlar, jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.


2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari


7. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • O'zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini (keyingi o'rinlarda Yagona milliy axborot tizimi deb yuritiladi) yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish; O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;

  • resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto'g'ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo'l qo'ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini yuritish;

  • davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish; O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o'z vaqtida amalga oshirishga ko'maklashishni ta'minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta'minlash;

  • loyihalarni, shu jumladan, amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste'molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish;

  • Yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta'minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish;

  • loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni o'qitish va ularning malakasini oshirishga ko'maklashish. 


8. Agentlik o'ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) Yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish sohasida:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda foydalaniladigan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma'lumotlar bazalariga integratsiya qilishni nazarda tutuvchi Yagona milliy axborot tizimini yagona texnologik yondashuv asosida shakllantiradi;

  • Yagona milliy axborot tizimini yuritish tartibini belgilaydi;

  • Yagona milliy axborot tizimiga funksional talablarni belgilaydi, texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi, loyiha faoliyati ishtirokchilarini tizim bilan ishlashida funksional boshqarish va o'qitishni amalga oshiradi;

  • Yagona milliy axborot tizimining ishlab chiqilishi, joriy etilishi, ekspluatatsiya qilinishi va uzluksiz ishlashini ta'minlaydi;

  • Yagona milliy axborot tizimining xavfsizligini ta'minlash choralarini ko'radi;

  • Yagona milliy axborot tizimi — Yagona elektron hujjat aylanishi, Elektron hukumat, Davlat xaridlari yagona portali, Geoaxborot tizimi va boshqalarning blokiga talablarni belgilaydi;

  • axborot texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish holatini baholaydi, shu jumladan, loyiha boshqaruvi jarayonida axborot tizimlari va resurslarini joriy etish samaradorligini o'rganadi;

  • Yagona milliy axborot tizimini samarali joriy etish va ekspluatatsiya qilish uchun normativ-huquqiy bazani tizimli tahlil qiladi hamda uni takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlaydi;

  • Yagona milliy axborot tizimini, shu jumladan, xorijiy davlatlarning ilg'or tajribasini o'rganish asosida rivojlantirish va takomillashtirish yo'nalishlarini ishlab chiqadi;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning loyiha boshqaruvi bo'yicha faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari loyihalarini kelishadi;

b) O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish sohasida:

  • loyiha boshqaruvini amalga oshirishni muvofiqlashtiradi, nazorat qiladi va uning samaradorligini baholaydi hamda mazkur jarayonlarni uslubiy jihatdan qo'llab-quvvatlaydi;

  • loyiha boshqaruvi sohasida milliy standartlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

  • loyiha boshqaruvi bo'yicha tadbirlarni uslubiy jihatdan qo'llab-quvvatlashni amalga oshiradi hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning loyiha boshqaruvi tizimlarini rivojlantirish choralarini ko'radi;

  • loyiha boshqaruvi guruhlarini shakllantirish bo'yicha talablarni belgilaydi va ularning maqsadini kelishadi;

  • davlat xaridlari va loyiha boshqaruvi sohasida qayta aloqa, shikoyat va takliflarning tahlilini amalga oshiradi;

  • navbatdagi yil uchun Investitsiya dasturlari loyihalari bo'yicha xulosalar beradi;

  • davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring va tahlil qiladi, ularning samaradorligini baholaydi; ilg'or xalqaro tajribani inobatga olib, islohotlarni amalga oshirishning muammolari va yakunlarini tizimli o'rganish asosida, shu jumladan, Yagona milliy axborot tizimidan foydalangan holda davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi, joriy etilishi, amalga oshirilishini tashkil qiladi hamda muvofiqlashtiradi, ularning nazorati va monitoringini amalga oshiradi;

с) resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto'g'ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo'l qo'ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini yuritish sohasida:

  • resurslar yagona milliy ma'lumotnomasiga talablarni belgilaydi, resurslarning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish maqsadida uning samarali ishlashini ta'minlaydi;

  • tovarlar, ishlar va xizmatlar klassifikatorini shakllantirgan holda har bir resurs (tovar, ish va xizmat)ni ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar bilan ma'lumotlarni avtomatik to'plash tartib-taomillarini tashkil etadi;

  • tovarlar, ishlar va xizmatlar, shu jumladan, chet elda ishlab chiqarilganlari haqidagi ma'lumotlar va axborotlarning resurslar yagona milliy ma'lumotnomasida doimiy yangilanishini ta'minlaydi;

  • resurslar yagona milliy ma'lumotnomasidan foydalangan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikni tashkil etadi;

d) davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish sohasida:

  • davlat xaridlari yagona axborot portalini yaratish bo'yicha ishlarni muvofiqlashtiradi va boshqaradi, davlat xaridlarini amalga oshirishga bo`lgan talablarni belgilaydi;

  • resurslar yagona milliy ma'lumotnomasining davlat xaridlari yagona axborot portali bilan integratsiya qilinishini ta'minlaydi;

  • davlat xaridlari jarayonlarini muvofiqlashtiradi, nazorat qiladi, uslubiy jihatdan qo'llab-quvvatlaydi va baholaydi, davlat xaridlarini samarali tashkil etishga to'sqinlik qiluvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash bo'yicha tahlillar o'tkazadi, ularni bartaraf etish choralarini ko'radi; davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlaydi, ularning amalga oshirilishini ta'minlaydi;

  • insofsiz tovar, ish va xizmatlar yetkazib beruvchilar reyestrini shakllantirishni tashkil etadi, ularning davlat xaridlari yagona axborot portaliga kirishini cheklaydi;

e) O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o'z vaqtida amalga oshirishga ko'maklashishni ta'minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash sohasida:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda loyiha boshqaruvini yuritishga oid talablarni belgilaydi;

  • investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ekspertizadan o'tkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibiga muvofiq tegishli ekspertiza organlari tomonidan o'z vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari DTIA/TIA, DTIH/TIHni samarali, sifatli va o'z vaqtida ekspertiza qilish ishlarini muvofiqlashtiradi;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda loyiha faoliyatining rejalashtirilishi, joriy etilishi va rivojlanishiga ko'maklashadi;

  • O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari, Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo'yilmalarga yo'naltirilgan, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan davlat maqsadli jamg'armalari, xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'laridan samarali foydalanilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;

  • loyihalarni ro'yobga chiqarish jarayonining tizimli tahlili asosida xulosalar tayyorlaydi va ularning kamchiliklarini bartaraf etish uchun loyiha boshqaruv guruhlariga yuboradi;

  • O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, O'zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag'lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat va hududiy dasturlar tadbirlari moliyalashtirilishini ochish uchun xulosa beradi;

  • loyiha boshqaruv guruhlari rahbarlari va ijrochilari ishlarining sifatini baholaydi hamda ularning egallab turgan lavozimiga munosibligi masalasini ko'rib chiqish haqida takliflar kiritadi;

8-bandning «d» kichik bandiga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 fevraldagi PQ-3550-sonli Farmoniga asosan o'zgartirish kiritilgan.


e) davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta'minlash sohasida:

  • ilg'or xorijiy tajribani o'rganish asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqilishi hamda har tomonlama tahlil etilishini ta'minlaydi;

  • loyiha faoliyatini amalga oshirishda loyiha boshqaruvining ilg'or uslublarini va tegishli axborot texnologiyalarini joriy etish masalalarini ko'rib chiqadi;

j) loyihalarni, shu jumladan, amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste'molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish sohasida:

  • texnik reglamentlarni va narx (smeta)larni shakllantirishning amaldagi standartlarini tahlil qiladi hamda ularni takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlaydi;

  • taklif etilayotgan asbob-uskunalar va texnologiyalarning texnik hamda texnologik ko'rsatkichlariga mos ravishda investitsiya loyihalarining qiymati va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini baholaydi;

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnik va texnologik qarorlar bo'yicha optimallashtirishda ishtirok etadi;

  • o'z vakolati doirasida aniqlangan qonun hujjatlari talablari buzilishini bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko'radi, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo'yicha takliflar kiritadi;

z) Yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta'minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish sohasida:

  • Yagona milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan sotib olinadigan axborot tizimlari va asbob-uskunalar xususiyatlarini ishlab chiqishga texnik topshiriqlarni kelishadi;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan foydalanish holati o'rganilishini tashkil etadi hamda muvofiqlashtiradi;

  • axborot tizimlari foydalanuvchilarini texnik jihatdan qo'llab-quvvatlaydi va ularga maslahatlar beradi, axborot tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish jarayonining samaradorligini oshirish, foydalanuvchilarning ish joylarida axborot tizimlarini joylashtirish, ishlab chiqilayotgan axborot tizimlarining sifatini ta'minlash choralarini ko'radi;

  • server ta'minotining apparat qismini sozlaydi, ekspluatatsiyaga kiritadi va ishlab turishini ta'minlaydi, serverning funksional vazifasidan qat'i nazar, operativ tizim darajasida serverlarni, shuningdek, muayyan server xizmatlari va funksional vazifalari bo'yicha unga ilovalarni boshqaradi;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda loyiha boshqaruv tizimining joriy etilishi va ishlash darajasini monitoring qiladi;

i) loyiha boshqaruvi bo'yicha kadrlarni o'qitish va ularning malakasini oshirishga ko'maklashish sohasida:

  • loyiha boshqaruvi bo'yicha o'quv-uslubiy materiallarni shakllantiradi va dolzarbligini ta'minlaydi, ularning davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yetkazilishini ta'minlaydi; davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi loyiha boshqaruvi modellarini ishlab chiqadi;

  • loyiha faoliyati ishtirokchilari — loyiha boshqaruvi guruhlari uchun loyiha vakolatlari tizimini ishlab chiqadi; loyiha boshqaruvi masalalari bo'yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslari hamda xodimlari o'qishini tashkil etadi;

  • loyiha boshqaruvi sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tajriba to'plashi va kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, shuningdek, tegishli kadrlar zaxirasini shakllantirish bo'yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;

  • kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, tinglovchilar o'rtasida loyiha boshqaruv konsepsiyasini ommalashtirish yuzasidan qo'shma tadbirlarni tashkil etish masalalari, yosh professionallarni uzoq muddatli qo'llab-quvvatlashni ta'minlash mexanizmlarini hamda o'rta va oliy kasbiy ta'lim tizimini takomillashtirishga oid tavsiyalar ishlab chiqish bo'yicha ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorlik qiladi;

  • xodimlarning kasbiy attestatsiya tizimi rivojlanishiga ko'maklashadi, loyiha boshqaruvi guruhlari xodimlarining kasbiy attestatsiyasini o'tkazadi;

  • loyiha boshqaruvi sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik hujjatlarni e'lon qiladi.

9. Agentlik, shuningdek, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • amaldagi qonun hujjatlari hamda huquqni qo'llash amaliyotini huquqiy kolliziyalar, takrorlovchi va korrupsiyaga oid normalarni chiqarib tashlash yuzasidan tanqidiy tahlil qiladi, ularni bartaraf etish bo'yicha takliflar kiritadi;

  • loyiha boshqaruvi sohasida normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi ustidan monitoring va nazoratni ta'minlaydi;

  • strategik milliy tashabbuslarni shakllantirish orqali investitsiya iqlimini yaxshilash choralarini ko'radi;

  • ekspert biznes hamjamiyati bilan birgalikda ishchanlik muhiti va investitsiya iqlimini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlaydi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko'rib chiqish uchun kiritadi.


3-bob. Agentlikning huquq va javobgarligi


10. Agentlik quyidagi huquqlarga ega:


  • davlat organlari va boshqa tashkilotlardan Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo'lgan material va ma'lumotlarni belgilangan tartibda so'rab olish;

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari amalga oshirilishi masalalari bo'yicha tekshirishlar o'tkazish;

  • Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalarining yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni jalb qilish;

  • investitsiya loyihalarining DTIA/TIA, DTIH/TIHlari sifatli ishlab chiqilishi va ekspertizadan o'tkazilishi, shuningdek, o'z vaqtida oldinga yuritilishini ta'minlash masalalarini ko'rib chiqish uchun vakolatli ekspertiza organlari va boshqa tashkilotlarning xodimlarini taklif etish;

  • belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot materiallari, davriy nashrlar va boshqa bosma mahsulotlarni chiqarish hamda tarqatish.


Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.



11. Agentlik o'ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.


12. Agentlik har oyda loyiha boshqaruvi doirasida quyidagilarni aks ettiradigan monitoring natijalarini O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko'rib chiqish uchun kiritadi: investitsiya loyihalarini amalga oshirishda aniqlangan kamchilik va nuqsonlar hamda ularni bartaraf etish bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlar; investitsiya sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali investitsiya iqlimini yaxshilash bo'yicha aniq takliflar; Investitsiya dasturi doirasida taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalardan maqsadsiz hamda samarasiz foydalanganlik bo'yicha aniqlangan holatlar; davlat xaridlari bo'yicha narxlar oshishining oldini olish yuzasidan qilingan ishlar natijalari.


4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish


13. Agentlikka O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.


14. Agentlik direktorining o'rinbosarlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.


15. Agentlik direktori maqomi, tibbiy va transport ta'minoti shartlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisiga, direktor o'rinbosarlari esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o'rinbosariga tenglashtiriladi. Agentlik direktori va xodimlari mehnatiga haq to'lash shartlari O'zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadi.


16. Agentlik faoliyati O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar hisobidan moliyalashtiriladi.


17. Agentlik direktori:

  • Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Agentlikka yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi bo'yicha shaxsan javob beradi;

  • zarurat bo'lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq to'lash fondi doirasida Agentlik tuzilmasiga o'zgartirishlar kiritadi;

  • Agentlikning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

  • Agentlikning tarkibiy tuzilmalari to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

  • Agentlik xodimlarining lavozim vazifalarini tasdiqlaydi;

  • Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

  • o'z vakolati doirasida Agentlik xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi hamda ko'rsatmalar beradi.

Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi №PF-5624-sonli farmoniga asosan tashkil etilgan.