Loyiha boshqaruvini rivojlantirish

O`zbekistonda loyiha boshqaruvidagi yangicha yondashuvni rivojlantirish mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 24 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasida loyiha Boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida” №PF-5120 sonli Farmoni bilan boshlab berildi hamda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etildi.

Bundan ko`zlangan maqsad nima?

Bu savolning javobini investitsiya loyihalarini amalga oshirishning mavjud mexanizmini chuqur tahlil etish asosida qabul qilingan mazkur farmonda topish mumkin. Amaldagi mexanizmning tahlili quyidagi qator to`sqinlik qiluvchi omillar mavjudligini ko`rsatdi:

  • loyiha boshqaruvi (tashkillashtirish, muvofiqlashtirish, monitoring va nazorat qilish)da yagona tizimning mavjud emasligi;
  • loyihalar jarayoni va ularni amalga oshirilishini onlayn tartibda kuzatish imkonini beruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining loyiha boshqaruvi jarayoniga yetarli darajada tatbiq etilmaganligi;
  • dastur va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik darajasining pastligi turli xil suiste’mol qilish holatlarini keltirib chiqarayotganligini, mablag`lar maqsadsiz sarflanishi va narxlar asossiz oshirilishi belgilarining mavjudligini ko`rsatdi;
  • davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yagona axborot muhiti hamda tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqiqiy bozor narxini aniqlash imkonini beruvchi tovarlar, ishlar va xizmatlarning yagona tasnifi mavjud emasligi.

Yangi tizim qanday afzalliklar yaratdi?

Birinchi navbatda, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida norentabel va samarasiz loyihalarni tasdiqlash va ular uchun mablag`lar ajratishni bartaraf etuvchi nazorat tizimi tatbiq etildi.

xarid.uz portali tashkil etilib, mazkur portal byudjet va korporativ xaridlarni amalga oshirish hamda maqbul narxlar asosida onlayn tartibda shartnomalar tuzish imkonini beradigan bo`ldi. Bu esa, sanoqli oylarda 150 milliard so`m mablag`ni iqtisod qilish imkonini berdi.

2019 yilda davlat dasturlari va loyihalarini onlayn tartibda monitoring qilish, o`z vaqtida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beruvchi Loyiha boshqaruvining yagona milliy tizimi tatbiq etilmoqda. Mazkur tizim shuningdek, tovarlar (ishlar va xizmatlar) haqida ma’lumotlarni qamrab oladi va byudjet mablag`laridan yanada oqilona foydalanish imkonini beradi.

Loyiha boshqaruvi rivojlanishda davom etmoqda

Bosqichma-bosqich ravishda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha istiqbolli va muhim loyihalarni amalga oshirishga yo`naltirilgan tegishli kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ta’lim tizimi – Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, “Raqamli ishonch” jamg`armasi tashkil etildi.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi iqtisodiyotning real sektorida IT – sanoatni rivojlantirish maqsadida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tasarrufiga berildi.

Ro’yxatga qaytish

Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi №PF-5624-sonli farmoniga asosan tashkil etilgan.